Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 59 ta uy-joy qurilishi to‘xtatildi
So‘nggi oylarda Toshkentda ayrim quruvchilar tomonidan qurilish me’yorlari va qonunchilik talablari buzilishi holatlari ko‘plab aniqlandi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi
Ba’zilari zarur ruxsat beruvchi hujjatlar, ekspertiza xulosalari va texnik ma’lumotnomalarni olmasdan qurilishni boshlab, fuqarolarga noqonuniy ravishda uy-joy sotishga uringan.
Bunday xatti-harakatlar natijasida ayrim fuqarolar vijdonsiz kompaniyalarga ishonib, jamg‘armalarini yo‘qotib, uy-joysiz qolmoqda.
Toshkent shahar hokimligi vakolatli tuzilmalar bilan hamkorlikda bu masalada qat’iy va prinsipial pozitsiyani egallagan. Poytaxtning bir qator tumanlarida to‘liq hujjatlar to‘plamiga ega bo‘lmagan 59 ta obektda qurilish ishlari butunlay to‘xtatildi, obektlar elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi.
Qurilish maydonlarida nazorat va monitoring ishlari davom ettirilmoqda, har bir qonunbuzarlik holati bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi.
Toshkent hokimligi poytaxt aholisiga murojaat qilarkan, uy-joy xarid qilishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lish va quyidagilarga amal qilishga chaqirdi:
- sotib olayotgan ko‘chmas mulkka oid barcha hujjatlarning asl nusxalarini (kadastr, ekspertiza xulosalari va kengash qarorlari, texnik ko‘rik dalolatnomasi) talab qilish va ularni sinchkovlik bilan tekshirish;
- sotuvchilarga pulni naqd yoki norasmiy yo‘llar bilan bermaslik, shartnomaning barcha bandlarini diqqat bilan o‘rganib chiqish;
- quruvchi yoki obektning qonuniyligi xususida ozgina shubha tug‘ilsa, shuningdek, kompaniya hujjatlarni taqdim etishni paysalga solsa, Toshkent shahar hokimligining rasmiy botiga murojaat etish. Shunda obektning qonuniy maqomi haqida ma’lumot beriladi.
Mavzuga oid

16:13
Toshkent aeroporti qarshisidagi ko‘prik rekonstruksiyasining qiymati ma’lum bo‘ldi

14:09
Samarqandda noqonuniy qurilgan 12 qavatli mashhur binoni buzish boshlandi

07:40
Budjet tashkilotlari pulidan qurilish loyihalarini amalga oshirish tizimi o‘zgaradi

13:07 / 26.07.2025