Jahon | 21:33 / 06.08.2025
2382
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh «Kerimov yaxtasi»ni kimoshdi savdosiga qo‘ydi

Rossiyalik oligarxga tegishli ekani aytilayotgan kema Rossiya-Ukraina urushi boshlangach olib qo‘yilgan edi. Uning ekspluatatsiyasi uchun oyiga qariyb bir million dollar sarflanadi.

Foto: amadeaauction.com

AQSh hukumati rossiyalik senator va tadbirkor Suleyman Kerimovga tegishli ekani taxmin qilinayotgan «Amadeya» superyaxtasini yopiq auksionga qo‘ydi. Savdolar 2025 yil 10 sentabrga belgilangan, deyiladi auksion saytida.

Yaxta egasidan olib qo‘yilgach, 325 million dollarga baholangan. Taxminlarga ko‘ra, auksion g‘olibi uni kamroq summaga sotib olishi mumkin, deb yozdi NBC News. Savdoda ishtirok etish uchun talabgorlar 10 million dollar miqdorida garov puli to‘lashi kerak.

AQSh Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi munosabati bilan musodara qilingan yaxtani birinchi marta sotmoqda, deb yozdi Megayacht News. AQSh 2022 yil may oyida, Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Fiji orollarida ushbu 106 metrlik kemani musodara qilgandi.

FQB kemani Kerimovning oilasi bilan bog‘lamoqda. AQSh hukumati texnik xizmat ko‘rsatishning qimmatligi va ekipaj uchun «ortiqcha xarajatlar» tufayli yaxtani sotishga qaror qilgani ta’kidlanmoqda. Oylik xarajatlar 922 ming dollarga baholangan. 2024 yil dekabriga kelib, ya’ni olib qo‘yilgandan ikki yarim yil o‘tgach, AQSh hukumati yaxtaga xizmat ko‘rsatish uchun umumiy hisobda 30 million dollar sarflagan.

Auksion saytidagi materiallardan ma’lum bo‘lishicha, kemada sakkizta kayuta bo‘lib, 16 nafar mehmon va 36 nafar ekipaj a’zosi joylashishi mumkin. Yaxtada vertolyot maydonchasi, basseyn, go‘zallik saloni, trenajyor zali, ikkita spa-salon, ikkita lift va bir nechta bar mavjud.

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga bostirib kirishi tufayli rossiyalik oligarxdan olib qo‘yilgan yaxtani sotish bo‘yicha birinchi kimoshdi savdosi Yevropada 2022 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan edi. Shu vaqtda Dmitriy Pumpyanskiyning «Aksioma» yaxtasi 37,5 million dollarga sotilgan - bu 75 million dollarlik haqiqiy taxminiy qiymatdan ikki baravar kam.

«Amadeya» superyaxtasi, rossiyalik tadbirkorlarning boshqa taxminiy aktivlari singari, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin tashkil etilgan AQSh Moliya vazirligining KleptoCapture nomli ishchi guruhi tomonidan bloklangan. Guruh Rossiyaga qarshi sanksiyalarga rioya etilishini kuzatib borgan va Kremlga aloqador tadbirkorlarga tegishli deb taxmin qilingan aktivlarni bloklagan. 2025 yilda Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan so‘ng, AQSh hukumati KleptoCapture ishchi guruhini tarqatib yubordi.

Mavzuga oid