Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil ko‘rinmoqda – Zelenskiy
Ukraina rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatdan keyin bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga qilinayotgan bosim ish beryapti.

Foto: president.gov.ua
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan kechki suhbat yakunlari bo‘yicha qilgan videomurojaatida aytib o‘tdi.
«Prezident Tramp bilan gaplashdim. Bu suhbat AQSh prezidenti vakili Stiven Uitkoffning Moskvaga tashrifidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Sheriklarimiz bilan umumiy pozitsiyamiz mutlaqo aniq va shaffof - urush tugashi kerak. Urushni rostmana tugatish kerak», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Moskvadagi muzokaralarga qaraganda, endi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘proq moyil.
«Ularga qilinayotgan bosim ish beryapti. Muhimi, ular bizni tafsilotlarda aldamasligi kerak. Bizni ham, Qo‘shma Shtatlarni ham», deb qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
6 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Moskvada uchrashdi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov «Ukraina masalasida ba’zi signallar berilgani, tegishli signallar prezident Trampdan ham olinganini» aytdi. Ammo tafsilotlarga to‘xtalmadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z maxsus vakili Stiven Uitkoffning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvini «juda samarali» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda «sezilarli yutuqlarga erishildi». U nimada ifodalanayotganiga AQSh prezidenti aniqlik kiritmadi.
«Shundan so‘ng, ba’zi yevropalik ittifoqchilarimizni xabardor qildim. Hamma bu urushni tugatish kerak degan fikrga qo‘shiladi va biz yaqin kunlar va haftalarda buning ustida ishlaymiz. Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur!», dedi Donald Tramp.
Mavzuga oid

00:32
Tramp kelasi hafta Putin bilan uchrashishni rejalashtirmoqda – NYT

22:50 / 06.08.2025
Pashinyan va Aliyev Vashingtonda Tramp huzurida uchrashadi

21:33 / 06.08.2025
AQSh «Kerimov yaxtasi»ni kimoshdi savdosiga qo‘ydi

21:18 / 06.08.2025