Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda uy-joy va yer narxlari pasayishda davom etyapti
Toshkent shahridagi 1 sotix yer narxi 334 mln so‘mgacha arzonladi. Shuningdek, poytaxtda ikkilamchi bozordagi uylarning o‘rtacha bahosi ham 1 kv metr uchun 15,4 mln so‘mdan 14,9 mln so‘mgacha pasaygan. Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida ham narxlarning tushishi kuzatilgan.

Foto: Kun.uz
Joriy yilning II chorak yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozoridagi faollik yuqoriligicha saqlanib qoldi, deya xabar berdi O‘zbekiston Markaziy banki.
Ushbu davr mobaynida ko‘chmas mulk bozorida tuzilgan bitimlar soni 88,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,9 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikda bevosita ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bilan bog‘liq shartnomalar soni ham o‘sishda davom etib, 148,4 mingtani tashkil etgan va o‘tgan yilga nisbatan 12,1 foizga ko‘paygan.
Narx tendensiyalari
Uy-joy sektoridagi mavjud talabga qaramay, taklif darajasi yuqoriligi narxlarning barqaror past o‘sish sur’atlari shakllanishida o‘z aksini topyapti.
Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha birlamchi uy-joy bozordagi narxlar yillik hisobda so‘mda 2,6 foizga (dollarda 2,1 foizga) o‘sdi. Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari so‘m hisobida 2,5 foizga (dollarda 2 foizga) oshdi. Hududlar kesimida ko‘chmas mulk narxlarining o‘sish sur’atlari turlicha shakllanishda davom etmoqda. Uy-joy narxlari darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda (Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand va Navoiy viloyatlari) narxlarning o‘sish sur’atlari deyarli o‘zgarmagan yoki biroz pasaygan bo‘lsa, boshqa hududlarda narxlarning oshishi davom etgan.
Uy-joy ijarasi bozorida taklif hajmining oshishi va talabning mavsumiy pasayishi sharoitida narxlarning mo‘’tadil darajasi saqlanib qolyapti. Ijara to‘lovlari narxlari o‘tgan chorakdan buyon sezilarli o‘zgarmagan bo‘lib, respublika bo‘yicha umumiy o‘sish sur’ati nolga yaqin darajada shakllangan (iyun oyida yillik 0,3 foiz). Toshkent shahrida esa ijara to‘lovlarida narxlarning pasayishi davom etmoqda (iyun oyida yillik 6,1 foizgacha pasaygan). Yer uchastkalari segmentida, Toshkent shahrida 100 kv metr (1 sotix) yer maydoni narxi iyun oyi yakunlari bo‘yicha 334 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 2,5 foizga past bo‘lgan.
“Umuman olganda, 2025 yilning II choragida ko‘chmas mulk bozorida bitimlar soni va ipoteka kreditlari hajmining o‘sishi natijasida yuqori faollik saqlanib qoldi. Taklif hajmining oshishi va xarid qilish imkoniyatlarining kengayishi talabni qo‘llab-quvvatlab, bozor va narxlar dinamikasining muvozanatli rivojlanishini ta’minlamoqda”, deyiladi MB sharhida.
Mavzuga oid

17:11 / 01.08.2025
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkning bozor qiymatini aniqlash tizimiga o‘tiladi

11:37 / 30.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?

17:52 / 28.07.2025
Har uch o‘zbekistonlikdan biri pul jamg‘armaydi - so‘rovnoma

13:15 / 28.07.2025