Jamiyat | 15:01
13384
5 daqiqa o‘qiladi

Ko‘rgan zararimizni kim qoplaydi? – Uch qahramondagi talafotdan reportaj

11 avgust kuni tungi soat 02:22 lar atrofida Toshkent tumanida joylashgan Uch qahramon savdo majmuasida yong‘in kelib chiqdi. Yong‘in salkam 3 soat davom etgan. Savdogarlarning ma’lum qilishicha, asosan kiyim-kechak va maktab o‘quv qurollari yonib kulga aylangan. Kun.uz muxbiri bozorga borib, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kun.uz o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu yong‘in ko‘plab tadbirkorlarga katta moliyaviy zarar olib kelgan. Ayniqsa, davlatdan kredit olgan yoki birovdan qarz ko‘targanlar chorasiz qolgan.

“Do‘konim yonib ketdi, yaxshi insonlarning yordami bilan ozgina kiyim-kechakni chiqarib oldim, 10 foiz odam chiqarib qoldi xolos. Yong‘in nimadan chiqqanini biz bilmaymiz. Lekin hali svetdan, hali undan, hali bundan deyishyapti. Bozorimizda doim svet o‘chadi. Bozor ma’muriyati umuman e’tibor qilmaydi bu narsaga. Hamma narsani o‘zimiz qilamiz. Oddiy kun bo‘ladimi, boshqa kun bo‘ladimi, yarim taraf o‘chadi, yarim taraf yonadi. Mana shunaqa 50 foiz o‘chirib, 50 foiz yoqib ishlatishar edi. Biz bitta narsani o‘ylayapmiz: yong‘in boshlangan, nima uchun bozor ma’muriyatining kameralari yoniq bo‘lmagan? Nimaga hech kimga batafsil ma’lumot berishmagan? Hech kim bilmagan. Qayerdan, nimadan kelganini bizga baribir tushuntirib berishlari kerak. Hozir hech kim hech narsa demayapti. Shuncha aholiga kim yordam beradi? Hammaning bo‘ynida krediti bor. Realga mol olib ishlaydi. Mening o‘zimning bo‘ynimda 300 million so‘m kreditim bor”, deydi savdogarlardan biri.

Biz boshqalarga nisbatan og‘irroq ahvolda qolgan ayol bilan suhbatda bo‘ldik. U uyiga ketish uchun 5 000 so‘m ham puli qolmaganini aytdi.

“Xo‘jayinim vafot etgan. Yemay-ichmay, bolamni biror joyga o‘qitmasdan, shu yerga tovar qilganman. Ijarada turaman. Bitta bolam bor, sarson. 200 millionga yaqin molim bor edi. 3 yildan beri yeganimning tayini yo‘q. Davlatdan kreditim bor, odamlardan qarzlarim bor. Endi to‘lab beradigan odamim yo‘q…” deydi ayol.

Yana bir tadbirkor bu bozorda 2009 yildan beri talafot bo‘lmaganini ma’lum qildi.

 

 

“Endi boshimizga kelgan talafot-ku, mayli. Hammaga sabr bersin. Men endi yangi ish boshlagandim. Erkaklar kiyimini sotib, ularni boshqa do‘konga berib, o‘zim yangi ayollar kiyimini sotishni boshlagandim. Endi taxminan 10 000 dollardan oshiq molim bor edi. Shuning hammasi mana, kul bo‘libdi. O‘zi 2009 yildan beri savdo qilardim. Unaqa talafotlar bo‘lmagan edi. Elektr uzilishlari bo‘lganda generator yoqardik. U yerda 3-4 ta idishda benzin ham turardi, shular ham olovning tez tarqalishiga sabab bo‘ldimi deyman-da. Bozor rahbariyati hali hech narsa deyishmayapti. O‘sha payt kelishgani ham yo‘q, men hayron qoldim. Biz kelgan paytimizda ular yo‘q edi”, deydi jabrlanuvchi.

Kun.uzʼga 400-500 mln so‘m kredit olib, unga kiyim-kechak sotib olgan tadbirkor ham xonavayron bo‘lganini bildirdi.

“Hozir do‘konimizni ko‘rib chiqdik, umuman hech narsa qolmagan. Bu yerda tadbirkorlarning ko‘pi banklardan kredit olib, bor-u yo‘g‘ini mana shu yerga tikkan. Tepadagi mas’ullar shunga qarab biror yechim qilib bersa, yaxshi bo‘lardi. Yong‘in sababidan hali xabarimiz yo‘q. Lekin bu yerda yong‘in chiqadigan vaziyat emas edi. Kompensatsiya masalasi bo‘yicha tushuntirish xati yozdik. Endi bu xatimiz qayerlargadir borib yetar”, deydi u.

Savdogarning so‘zlariga ko‘ra, 300 dan ortiq odamlarning moli yonib ketgan. Ayni paytda IIO xodimlari zarar ko‘rganlardan ariza olmoqda.

Mavzuga oid