«Xalqaro institutlar bugun samarasiz bo‘lib boryapti» – prezident global iqtisodiy holat haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boshlangan videoselektor yig‘ilishida dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy va savdo cheklovlarining O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish masalalari muhokama qilinmoqda.
Avvalo, davlat rahbari global iqtisodiy holatga to‘xtaldi.
«Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib boryapti.
Albatta, bu jarayonlar zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyoti sekinlashuvi va xalqaro savdo kamayishiga olib kelishi mumkin», – dedi prezident.
Birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflatsiya darajasi 7,5-8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda.
«Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq “signal” bo‘lishi kerak.
Eng katta xavf – pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir.
Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin», – dedi prezident.
O‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligi qayd etildi. Ya’ni, mamlakatimiz kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor to‘qimachilik va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.
Harvard universiteti tahliliga ko‘ra, o‘tgan besh yilda Iqtisodiy murakkablik indeksida O‘zbekistonning o‘rni 25 pog‘ona yaxshilanib, 105-o‘rindan 80-o‘ringa ko‘tarildi.
Bugungi kunda 162 turdagi milliy mahsulotlar «dunyo bozorlarida raqobat ustunligiga ega» deb e’tirof etilyapti.
Natijada oxirgi yillarda eksport 2,2 barobar oshdi. Tashqi savdo aylanmasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 57 foizga yetdi.
«Bu – iqtisodiyotimiz tashqi bozorlarga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatadigan juda katta raqam», – dedi prezident.
Mavzuga oid

18:14 / 24.04.2025
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda daraxt ekib, «Zamonlar sadosi» ko‘rgazmasi bilan tanishdi

14:31 / 24.04.2025
Turkman xalqining milliy yetakchisi «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

14:15 / 24.04.2025
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Samarqandda muzokara o‘tkazdi

07:30 / 24.04.2025