Jahon | 10:14
1475
2 daqiqa o‘qiladi

Belarusda qo‘lga olingan AQSh fuqarosi Zenkovich ozod etildi

Lukashenkoga qarshi fitna uyushtirishda ayblangan siyosiy mahbus Yuriy Zenkovich Belarusda qamoqdan ozod etildi, deb xabar berdi CNN va AQSh davlat kotibi Marko Rubio. U 4 yildan ortiq qamoqda o‘tirdi.

Yuriy Zenkovich Foto: Viktor Tolochko / Sputnik / RIA Novosti

«Belarus yana bir noqonuniy qo‘lga olingan AQSh fuqarosini ozod qildi», — deb yozdi davlat kotibi Marko Rubio 30 aprel, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida. U bu holat AQSh prezidenti Donald Trampning sa’y-harakatlari tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

Amerikaning CNN telekanali aniqlik kiritishicha, gap Belarus muxolifati faoli, Belarus va AQSh fuqarosi Yuriy Zenkovich haqida ketmoqda. «Hech qanday almashinuv yo‘q», dedi AQSh maxsus vakili Adam Byoler CNN telekanalida bu boradagi savolga javoban.

Zenkovich 2021 yilda Moskvada hibsga olinib, keyin Belarus poytaxti Minskka olib ketilgan va u yerda «fitna ishi» deb ataladigan ishda – AQSh tomonidan Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenkoni ag‘darib tashlash va uning o‘g‘illarini o‘ldirishga qaratilgan fitnada ishtirok etganlikda ayblangan. AQSh Davlat departamenti voqeaga aloqadorligini rad etadi.

Belarusda Zenkovich 11 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Belarus xalq fronti partiyasi yetakchisi Grigoriy Kostusyov va siyosatshunos Aleksandr Feduta ham 10 yillik qamoq jazosi oldi. Qamoqxonada saraton kasalligiga chalingan Kostusyov 2024 yil iyul oyi boshida Lukashenko amnistiyalaridan birida afv etilgan edi. Ayni paytda bir nechta surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan Feduta hamon panjara ortida qolmoqda.

Mavzuga oid