Jahon | 14:49 / 11.07.2025
3456
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya bo‘yicha «muhim bayonot» berishini aytdi

Oq uy rahbari 14 iyul kuni muhim bayonot berishini ma’lum qildi, ammo tafsilotlarni ochmadi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushi holatini sharhlar ekan, Rossiyadan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.

«Rossiyadan hafsalam pir bo‘ldi, ammo keyingi bir necha hafta ichida nima bo‘lishini ko‘ramiz», dedi Tramp 10 iyul kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

«O‘ylaymanki, dushanba kuni [14 iyul] Rossiya bo‘yicha muhim bayonot beraman», dedi AQSh prezidenti va batafsilroq izoh berishni istamadi.

Trampning qo‘shimcha qilishicha, u AQSh Senatidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish bo‘yicha respublikachi senator Lindsi Grem va demokrat Richard Blumental tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini qabul qilishini kutmoqda. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi «prezidentga o‘zi xohlagan narsani qilish imkonini beradi».

«Boshqacha qilib aytganda, men undan foydalanishni xohlaymanmi yoki yo‘qmi, o‘zim hal qilaman. Ular [senatorlar] juda jiddiy va o‘ta qattiq sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullaydi, biroq uni amalga oshirishni prezident hal qiladi», dedi Tramp.

Donald Tramp so‘nggi kunlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni bir necha bor tanqid qildi. 3 iyul kuni ularning telefon orqali muloqotidan so‘ng, Tramp suhbatdan «juda hafsalasi pir bo‘lganini» aytdi, chunki u Putin Ukrainadagi urushni tugatishga tayyor emasligiga ishongan. 8 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida so‘zlagan Tramp Qo‘shma Shtatlar «Putinning ko‘p ahmoqona gaplarini tinglayapti», lekin «bundan hech qanday naf bo‘lmayapti», dedi.

Aprel oyida amerikalik senatorlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Hujjat, xususan, Rossiya nefti, neft mahsulotlari, tabiiy gaz yoki uranni sotib oluvchi mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foiz boj joriy qilinishini nazarda tutadi. Tramp 8 iyul kuni qonun loyihasini «juda jiddiy» ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Mavzuga oid