Sport | 21:20 / 31.05.2025
5931
8 daqiqa o‘qiladi

Qizaloq va Lucho: bir muhabbat tarixi

Bugun 31 may. Tun yarmidan oqqanda Myunhenda insoniyat tarixidagi eng zo‘r sport musobaqasi – Yevropa Chempionlar Ligasi finali boshlanadi. Biz tengi yigitlar uchun bu musobaqa o‘zgacha qadrli. Axir endi-endi futbolga qiziqa boshlagan vaqtimizda turnir yangicha formatga o‘tib dunyodagi eng zo‘r musobaqaga aylanayotgandi-da.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

YeChLning afsonaviy musiqasi yangraganda Teddi Sheringhemning yosh bolalarcha golni nishonlab yugurgani, hal qiluvchi penaltini qaytargan Oliver Kanning vajohat bilan baqirgani-yu, Zidanning takrorlab bo‘lmaydigan golini kechagiday eslaymiz.

U vaqtlar «svet» ko‘p o‘chardi, internet zamoni ham boshlanmagan, finallarni doim kimningdir uyida yoki ko‘chada akkumulatormi, «dvijok»mi yoqib, to‘planib ko‘rardik. Shu bois bu ajoyib musobaqa finallarining har bir lahzasini entikib eslaymiz.

Shuncha yil o‘tdi hamki Chempionlar Ligasi finali bo‘ladigan kun yana biz futbol muxlislarining yuragi tez urishni boshlaydi, kimga muxlislik qilishimizdan qat’i nazar. Chunki bugun qaysidir jamoa futbol taxtiga o‘tiradi, kamida bir yilga…

Bugungi finalni tomosha qilish uchun yana bir sabab borki, men mana shu haqda hikoya qilib bermoqchiman.

G‘alabaga eng munosib ota

Bugungi finalda PSJ va «Inter» to‘qnash keladi. Ha, bu mavsumda «Barselona», «Arsenal» yoki «Real» zo‘r o‘yin ko‘rsatgan, finalga loyiqdek ko‘ringandir, lekin ishoning, aynan Yevropaning bugungi kundagi eng munosib ikki jamoasi finalga yetib keldi. «Inter» hatto final yo‘lida «Barsa»ni yengish uchun A seriyaga jiddiy e’tibor qilolmay, skudettoni «Napoli»ga boy berdi. PSJ esa yo‘lidan chiqqan barcha ingliz jamoalarini «yamlamay yutdi», hatto yutib bo‘lmaydigandek ko‘ringan «Liverpul»ni ham.

Parijliklar finalga Messi, Neymar, Mbappe kabi megayulduzlarning javobini berganidan keyin yetib kelgani qanchalik ramziy, a? Xuddi futolning o‘zi unda nomlarning ahamiyati yo‘qligini ko‘rsatib qo‘ygandek. Endi Parijda boshqa yulduz bor – Luis Enrike. Lucho Yevropaning eng zo‘r murabbiylaridan biri ekanini «Barselona»da vaqtidayoq isbotlab bo‘lgan. Lekin o‘shandan keyin murabbiy jiddiy sinovga duch kelgandiki, uni yengib o‘tish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.

Bugungi final ispaniyalik murabbiy uchun ayniqsa ahamiyatli. 2015 yil Luis Enrike «Barselona» bilan Chempionlar Ligasini yutadi. Berlindagi finaldan keyin dunyoda Enrikedan baxtli odam yo‘q edi. U 6 yoshli qizalog‘i Xana bilan g‘alabani nishonlab suratga tushadi. Qizaloq «Barselona» bayrog‘ini ushlab tushgan suratni hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak.

Biroq o‘sha baxtli onlardan 4 yil o‘tib Enrikening oilasi jiddiy sinov bilan yuzlashadi. 9 yoshli Xanada saraton aniqlanadi. Suyak saratoni bolalarda kam uchraydigan kasallik edi, shu sabab oila kasallik haqida juda kech xabar topadi. O‘shangacha hech qanday alomat ham sezilmagandi.

Luis qiziga qo‘yilgan tashxisdan Maltada xabar topadi. U Ispaniya milliy jamoasi bilan Yevropa chempionati saralashi o‘yiniga tayyorlanayotgandi. Murabbiy tezda Barselonaga yo‘l oladi. Ko‘p o‘tmay Luis Ispaniya milliy jamoasidan ketadi, chunki qizi og‘ir kasalga chalingani uchun futbolga e’tibor berolmasdi. Keyingi yarim yilni Enrike va oilasi kasalxona koridorlarida o‘tkazadi, murabbiy ozib ketadi.

Qizaloq besh oy davomida kasallik bilan kurashadi, lekin 2019 yil 29 avgust kuni vafot etadi. Bu haqda Enrikening o‘zi xabar beradi. «Qizalog‘imiz Xana og‘ir kasallik bilan besh oy kurashganidan so‘ng bizni tark etdi. Kasalxonadagi shifokorlar, hamshiralar, bizga yordam bergan hammaga rahmat deymiz. Xana, seni sog‘inamiz, qizim. Sen bilan o‘tgan har bir kunimizni eslab yuramiz, sen oilamiz uchun yo‘lchi yulduz bo‘lasan, ruhing orom olsin, Xanita», deb yozadi Enrike.

Luis 4 yil o‘tibgina qizini yo‘qotgandagi hissiyotlarini bo‘lishadi. Ispaniya telekanali u haqda hujjatli film suratga oladi. «Bilasizmi, men o‘zimni baxtli odam deb hisoblayman. Chunki Xanita bilan 9 yil ajoyib damlarni o‘tkazdik. U bilan o‘tgan har bir lahzani eslayman, kulaman. Uni eslatadigan xotiralar, videolar bor.

Bir kuni ota-onamning uylariga bordim. Qarasam, uyda Xananing birorta surati yo‘q. «Ona, nega uning suratini qo‘ymagansiz?», dedim. Onam «Bardosh berolmayman, bolam», dedi. Men esa «Onajon, u jisman bizni tark etgani bilan ruhan doim yonimizda», dedim. Keyin uyga Xananing suratini ilib qo‘ydik», degandi filmda Enrike.

Qaytish

2019 yil noyabrda Ispaniya milliy jamoasiga qaytgan Enrike u yerda o‘zi xohlagandek ishlolmaydi. Jamoa Yevropa chempionati va mundialda muvaffaqiyatsiz qatnashadi. Bu vaqtda Luis Enrikening salomatligi ham yomonlashgandi. 2023 yil murabbiy yana klubdagi murabbiylikka qaytadi.

Lucho jahon yulduzlarini olib kelib ham Chempionlar Ligasini yutolmayotgan PSJni qabul qilib oladi. Bu katta tavakkal edi, chunki klubda ichki muammolar mavjud, Mbappe «chemodan kayfiyatida» o‘ynayotgandi.

Birinchi mavsumida Enrike klub rahbariyatidagi jamoadan ustun turadigan yulduzlar kerak emasligini aniq qilib tushuntiradi. Mbappe ba’zi o‘yinlarda zaxirada qolib, ba’zan o‘yin tugamay zaxiraga olinardi. Keyingi mavsum ham Luis uchun qiyin boshlanadi. Lekin keyinchalik PSJ oldidan chiqqan barchani yengishni boshladi, Usmon Dembele Yevropaning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylandi. Jamoa kim uchundir emas, PSJ uchun o‘ynashni boshlaydi. Buning nomini esa murabbiy jamoasi deyishadi.

Shu tariqa Parij haqli tarzda Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. Bu birinchi final emas, albatta: Mbappe va Neymar avval ham finalga chiqqandi, lekin o‘shanda «Bavariya» yaqqol favorit edi. Endi PSJ klub tarixida ilk marta favorit sifatida YeChL finalida o‘ynaydi.

«Bayroqni yana bir bor ko‘tarishni istayman»

Luis Enrike uchun bu final o‘zgacha. «Arsenal» bilan o‘yindan keyin murabbiy 2015 yildagi finalni yodga oldi. «O‘shanda qizim «Barselona» bayrog‘ini ko‘tarib yugurgani esimdan chiqmaydi. PSJ bilan g‘olib bo‘lsak, yana bayroqni ko‘tarib rasm tushmoqchiman. To‘g‘ri, finalda u jismonan biz bilan bo‘lmaydi, lekin ruhan doim yonimizda. Bu men uchun juda muhim», degandi murabbiy.

Bugungi finalda munosib jamoa g‘olib bo‘lsin, sport shunisi bilan go‘zal. Lekin men bugun Luis Enrikega omad tilayman. Olg‘a, Lucho! Sen Xanita uchun ham bu shalpangquloq kubokni yutishing va bayroqni ko‘tarishing kerak...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid