O‘zbekiston | 13:04 / 31.07.2025
1100
2 daqiqa o‘qiladi

Bolasiga zo‘ravonlik qilganlardan farzandi olib qo‘yilishi mumkin

Hukumat qarori bilan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Foto: Depositphotos

Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi.

“Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin. Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini ko‘radi:

🔹 zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
🔹 bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
🔹 bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash.

Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi.

Mavzuga oid