Jahon | 14:47 / 21.06.2025
13634
4 daqiqa o‘qiladi

“Eronning javob hujumlari AQShni o‘ylantirib qo‘ydi” - ekspertlar

Tramp AQShning eng zamonaviy harbiy kuchlarini Yaqin Sharqqa safarbar qildi va Isroil bilan birgalikda Eron ustidan tezkor g‘alaba haqida o‘yladi, lekin Eronning jiddiy javob zarbalaridan keyin, Tramp ehtiyotkorlikka majbur bo‘lmoqda. Endi u ayniqsa o‘z saylovchilari oldida Yaqin Sharqdagi bu vaziyatdan mag‘lubiyatsiz chiqib ketish haqida o‘ylamoqda.

Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Isroil–Eron urushiga AQShning pozitsiyasini muhokama qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shuhrat Rasul: Dastlab Trampning vajohati kuchli edi, u 24 soatda Eronga taslim bo‘lish talabini qo‘ydi, lekin ko‘p o‘tmay, ehtiyotkorlikka o‘tdi. Hatto AQSh Yaqin Sharqdagi harbiy bazalariga B-2, F-35, F-22, KC-135 samolyotlari va Nimits samolyot tashuvchilarini yubordi. Shunday harakatlar bilan AQSh Eron bilan urushga 100 foiz qo‘shiladi degan muhit yaratdi.

Birinchi kungi zarbalarda Isroilning 200 ta samolyoti ishtirok etgan va katta ehtimol bilan Trampga Eronning butun havo mudofaa tizimi yakson bo‘lgani, harbiy elitadagi muhim shaxslar yo‘q qilingani, g‘alabaga oz qolgani haqida hisobot berilgan. Mana shu fonda Tramp: “Men hammasini bilar edim, hammasi men bilan kelishilgan” dedi. Agarda Eronning Isroilga kuchli javob zarbalari bo‘lmaganda, u Isroilga biz yordam berdik va bu mening ham g‘alabam degan bayonot ham berishi mumkin edi.

Eron 200 ta raketa otgach, Trampning gapiradigan gaplari ham o‘zgarib qoldi va vaziyatga qarab ish qilyapti. Xo‘sh, u Isroil bilan birga Eronga hujum qiladigan bo‘lsa, rostdan ham g‘alaba qila oladimi? Buning imkoniyati juda kam. U Eronning harbiy mashinasini butunlay ishdan chiqarishi mumkin, lekin undan ortig‘i imkonsiz. Hozirda ikkita masala qo‘yilyapti: Natanz va Fordodagi yerostiga chuqur yashirilgan reaktorlarni va sentrifugalarni yo‘q qilish hamda mamlakatda rejimni yiqitish. AQShning 14 tonnalik GBU-57 bombalari zarba berganda ham nishon yo‘q qilinishiga kafolat yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov: Ekspertlar ehtimoliy urushni modellashtiryapti va Eronning imkoniyatlarini tahlil qilyapti. Agarda AQSh urushga qo‘shilsa, Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopadi. Dunyo iqtisodiyotida iste’molda bo‘lgan neftning 20-30 foizi shu zahoti bloklanadi. Bundan Xitoy, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti katta zarar ko‘radi, Undan tashqari, Yamandagi husiylar Qizil dengizni bloklaydi. Qizil dengiz dunyodagi eng muhim dengiz yo‘llaridan biri, Suvaysh kanali orqali O‘rtayer dengizi bilan bog‘lanib, Yevropa, Osiyo va Afrika o‘rtasidagi savdo aloqalarida markaziy rol o‘ynaydi. Bu hududdagi beqarorlik, ayniqsa husiylar tomonidan amalga oshiriladigan harbiy harakatlar, dunyo miqyosidagi iqtisodiy barqarorlikka jiddiy tahdid soladi.

Shunday ekan, bu mintaqaning xavfsizligini ta’minlash nafaqat Yaqin Sharq, balki butun dunyo hamjamiyati uchun muhim strategik vazifadir. Amerika qudratli davlat bo‘lsa ham, husiylarni yillar davomida yo‘q qila olmadi. Undan tashqari, “Hizbulloh” urushga aralashish ehtimoli ham mavjud, albatta, ular faqat Isroilni qo‘shimcha chalg‘itish omili bo‘ladi xolos.

Kecha Xominaiy Qatar amiriga xat yozib, AQShning Eronga qarshi ehtimoliy harbiy amaliyotlarda ishtirok etmasligi haqida ogohlantirdi. Chunki Qatarda joylashgan Al-Udayd aviabazasi – Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi eng yirik va strategik ahamiyatga ega harbiy obektlaridan biridir.

Suhbat davomida Rossiya-Ukraina urushi, Putinning so‘nggi bayonotlari, Yaqin Sharqdagi keskinlikda Yevroittifoqning roli kabi mavzular ham muhokama qilindi. Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid